Oila va jamiyat. Notinchlik barham topdi
2025-08-30 04:15:00 / Yangiliklar

Qoʻshkoʻpir tumanida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash, ular oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xodimlar har bir mahallada oilalarni oʻrganish jarayonida ayollarning huquqbuzarlik sodir etishga moyillik darajasini aniqlash bilan birga, ularning turmush tarzi, ijtimoiy ahvoli hamda muammolarini ham oʻrganishmoqda. Ayniqsa, doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan ayollarni oʻqitish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish, oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni aniqlash va bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
— Tumanimizda yashovchi 141 ta notinch oila hisobga olingan boʻlib, ular bilan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar olib borilyapti, — deydi tuman IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor, podpolkovnik Gulnoz Gʻulomova. — Natijada 85 ta oilada sogʻlom muhit yaratilishiga erishildi. Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 140 nafar xotin-qizga «himoya orderi» berildi. Huquqiy yordamga muhtoj boʻlgan 78 nafar ayolga qonun talablari tushuntirildi. Bu kabi saʼy-harakatlar natijasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishilmoqda.
Oila — muqaddas dargoh. Unga muntazam eʼtibor, doimiy gʻamxoʻrlik zarur. Ammo baʼzi ota-onalarning hali mustaqil hayotga tayyor boʻlmagan farzandlarini erta turmush qurishga xayrixoh boʻlayotgani baʼzan koʻngilsizliklarga sabab boʻlyapti. Aniqrogʻi, hali hayot tashvishlarini toʻla anglab yetmagan yoshlar arzimagan sabablar tufayli ajrim yoqasiga kelib qolishmoqda.
- Yaqinda qoʻshnimiz xonadonida notinchlik boʻldi, — deydi mahalla faollaridan biri. — Bilsak, nikoh toʻyiga bir oy ham boʻlmagan yosh kelinchak uy-roʻzgʻor ishlariga qarashmay qoʻygan. Hatto nasihat bermoqchi boʻlgan qaynonasini turli nooʻrin soʻzlar aytib haqorat qilgan. Qaysar kelin oxir-oqibat turmush oʻrtogʻining ham gap-soʻzlariga kirmay otasinikiga ketib qolgan. Qizining koʻz yosh toʻkib kelganini koʻrgan ota-ona unga nasihat qilish oʻrniga, qudalari bilan aytishib, «san-man»ga borishgan. Har ikkala tomonni ham mahalla fuqarolar yigʻini binosiga taklif qildik va ularni oʻzaro murosaga kelib yashashga, yosh oila buzilib ketmaslikka chaqirdik. Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor ham ularga huquqiy tushuntirishlar berdi. Hamkorlikda amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida oiladagi kelishmovchilik barham topdi.
Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
