“Ijtimoiy himoya oyligi” doirasida Vazirlik Madaniyat saroyida Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun konsert dasturi tashkil etildi
2025-08-29 19:40:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida avgust oyi “Ijtimoiy himoya oyligi” sifatida oʻtkazilmoqda. Shuningdek oylik davomida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolari uchun turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu doiradagi keyingi tadbir mustaqilligimizning 34-yilligiga bagʻishlab Vazirlik Madaniyat saroyida “Inson qadri uchun” shiori ostida boʻlib oʻtdi. Tadbirda yurtimizdagi taniqli sanʼat ustalari hamda Vazirlikning ashula va raqs ansambli ijrochilari sahnaga chiqishdi. Ular tomonidan rang-barang musiqiy va badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Vatanparvarlik ruhidagi taronalar ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat va yaxshi taassurotlar ulashdi. Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning yaqinlari milliy va zamonaviy sanʼat uygʻunligidan bahramand boʻlib, maʼnaviy hordiq chiqarish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Ushbu konsert mustaqillik bayrami arafasida tomoshabinlarga munosib tuhfa boʻldi.









