Angor hamda Sherobod tumanlarida Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi rahbarligida Prezidentimizning joriy yil 3-yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarorlari ijrosi kriminogen vaziyat tanqidiy muhokama qilindi
2025-08-29 11:25:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Angor tuman hokimligi binosida Prezidentimizning joriy yil 3-yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarorlari ijrosi boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, tumandagi kriminogen vaziyat muhokamasiga bagʻishlangan tanqidiy ruhdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov huzurida oʻtkazilgan muhokama yigʻilishida, tuman hokimi, prokurori, mahalla yettiliklari, nuroniylar, mahalla faollari va boshqa mutasaddi tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida, viloyat masʼullari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha olib borilgan ishlari va boshqa kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, ayniqsa yoshlar, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini oʻz vaqtida aniqlab bartaraf etish lozimligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng, boshqarma boshligʻi kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan Sherobod tumanidagi “Kattabogʻ” mahallasiga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirib, mahalla yettiligi aʼzolari ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida, mahallani xavfsiz hududga aylantirish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi ijrosi oʻrganildi.
Shuningdek, mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashga alohida urgʻu berildi. Viloyat IIB boshligʻi ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan birga Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosi, ijtimoiy profilaktika hamda mahalla yettiligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar ham oʻrganilib, bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuv yakunida, tuman masʼullariga mahallalarda fuqarolar xavfsiz yashashlari uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi aytilib, mahalla hududini xavfsiz maskanga aylantirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati






