Ekspert-kriminalistlarning eng yaxshisi aniqlandi
2025-08-29 11:25:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan Bosh boshqarma apparati, hududiy boʻlinmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy-jangovar mahoratini oshirish, xodimlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ragʻbatlantirish orqali kasbiga boʻlgan ijobiy munosabatni yuqori pogʻonalarga koʻtarish maqsadida soha xodimlari oʻrtasida turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazilib, sohaning eng yaxshisi, mahoratlilari eʼtirof etib kelinadi.
Navbatdagi “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik tanlovining oʻtkazilishi ana shu maqsadlarni oʻzida mujassam etdi. Uch bosqichda oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda poytaxt IIBB Ekspert-kriminalistika markazi, YHXB EKB, tumanlar IIO FMB Ekspert-kriminalistika boʻlimlarida xizmat olib borayotgan 19 nafar xodimlar ishtirok etishdi.
Tanlovning birinchi bosqichida ishtirokchilar ichki ishlar organlari nizomi, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalish, jangovar va xizmat tayyorgarligi, oʻz sohalariga tegishli boʻlgan savollardan iborat test sinovlaridan oʻtishdi. Ikkinchi bosqichda esa “Kalashnikov” avtomati hamda “Makarov” toʻpponchasini qismlarga ajratish va yigʻishda tezlik va chaqqonlikda oʻzaro bellashdilar. Uchinchi bosqichda xodimlar har bir chiptada 4 tadan: 3 ta sohaga tegishli, 1 ta ichki ishlar organlari xizmatiga oid savollarga javob berishdi. Soʻngra har bir tanlov ishtirokchisi bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazildi.
Koʻrik-tanlov soʻnggida barcha bosqich ballari umumlashtirilib gʻoliblar aniqlandi. Hakamlar bir ovozdan 96.6 ball toʻplagan Bosh boshqarma Ekspert-kriminalistika markazi eksperti, leytenant Doniyor Tulamatovni birinchi oʻringa, 90.3 ball bilan Uchtepa tumani IIO FMB EKB eksperti, katta leytenant Kamal Musayevni ikkinchi oʻringa, 82.6 ball bilan Bosh boshqarma Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti, kapitan Arslon Mansurovni uchinchi oʻringa loyiq deb topdi.
Kasbiy bilim va koʻnikmalarini aʼlo darajada oʻzlashtirgan, mahoratlari ibrat, oʻz sohasining bilimdonlari boʻlgan gʻolib xodimlarni tabriklab, kelgusi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati





