Oʻquv-amaliy seminar. Tergov xizmati: muammo va yechimlar
2025-08-28 23:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tergov va sud jarayonlarida adolatni taʼminlash masalasi tobora ustuvor ahamiyat kasb etyapti.
Joriy yilning 5-mart kuni Davlat rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining yigʻilishida korrupsiyaga qarshi kurashish va tergov sifatini oshirish boʻyicha bir qator topshiriqlar berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev hamda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Tergov departamenti rahbari, polkovnik Ramazon Ashrapov ishtirokidagi Fargʻona viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovchilari uchun oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari, Fargʻona viloyat prokuraturasi masʼullari hamda tergovchilari, Departamentning viloyat boshqarmasi tergovchilari, viloyat IIB rahbariyati, tergovchilari, ekspert-kriminalistika markazi xodimlari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi viloyat filiali mutaxassislari ishtirok etishdi.
Seminarda malakali mutaxassis va ekspertlarning qator maʼruzalari eshitildi.
Jumladan, “Sudga oid biologik va DNK ekspertizalari boʻyicha yoʻl qoʻyilayotgan xatolar”, “Pora olish jinoyati boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi”, “Giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish jarayonlari: muammo va yechimlar”, “Yoʻl transport bilan bogʻliq hodisalarni koʻzdan kechirish jarayonlari” kabi bir necha mavzulardagi maʼruzalar ishtirokchilarning bilim va malakasini oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, seminar davomida amaliy mashgʻulotlar ham olib borildi.
Xususan, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan voqea joyini koʻzdan kechirish va hujjatlashtirish jarayonlari amaliy koʻrinishda namoyish etilib, mahorat darsi olib borildi.
Ishtirokchilar oʻrtasida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi, amaliyotda uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar oʻrtaga tashlandi.
Seminar yakunida jinoyatlarni tergov qilishda oʻrnak va namuna boʻlayotgan, yuksak kasbiy mahoratini namoyon etayotgan bir guruh prokuratura va ichki ishlar organlarining tergovchilari munosib taqdirlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi oʻquv seminari tergov sohasi xodimlarining kasbiy mahoratini yuksaltirish, ular oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bilan birga, jamiyatimizda adolat va shaffoflik mezonlarini yuqori bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
