Mahallaga xavfsizlik, fuqaroga xotirjamlik — Davlat rahbarining qaror va topshiriqlari ijroda
2025-08-27 16:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qaror mamlakatimizda ijtimoiy profilaktika tizimining yangi bosqichini belgilab berdi. Bu orqali jinoyatchilikka qarshi kurashda mutlaqo yangi yondashuv — barcha masʼul idoralar faoliyatini yagona tizim asosida muvofiqlashtirish mexanizmi joriy etildi.
Qarorga muvofiq, 2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi ustuvor vazifa etib belgilandi. Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi 419 ta kriminogen vaziyati ogʻir mahallada “mahalla huquq-tartibot maskanlari” tashkil etildi. Bu maskanlar 5 tadan ogʻir vaziyatdagi mahallaga xizmat koʻrsatadi va ularga turli sohalardan — profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv xizmati xodimlari, patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari, xotin-qizlar va probatsiya masalalari boʻyicha inspektorlar biriktirilgan.
Yangi tuzilmada profilaktika bosh inspektori lavozimi ham joriy etildi. Shuningdek, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida sinov tariqasida ichki ishlar organlarining tajribali pensioner xodimlarini shartnoma asosida ishga jalb qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Yangi qaror bilan joriy etilgan muhim tashabbuslardan yana biri — jinoyat sabablarini bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalarning elektron monitoringi hamda E-himoya orderi platformasi orqali himoya orderlarini raqamlashtirishdir.
Shu bilan birga, har bir murakkab mahalla kesimida alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilmoqda va ular viloyat hokimi, prokurori, IIB rahbari hamda taʼlim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanmoqda. Konsepsiya asosida mahallalarda 2 nafar profilaktika inspektori, 2 nafar patrul-post naryadi va 1 nafar tezkor xodim doimiy faoliyat yuritishi belgilangan.
Ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha ishlar ham yangi bosqichga koʻtarildi. 56 876 nafar xotin-qizga himoya orderlari berildi. Order cheklovlarini buzgan 3 158 shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Himoya orderidan soʻng 23 591 oila yarashtirildi, 29 112 ta nizo sabablari bartaraf etildi.
Profilaktik hisobda turgan 3 653 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, 4 172 nafariga ijtimoiy yordam, 1 009 nafari tibbiy koʻmak, 370 nafar qiz taʼlimga qaytarildi. 1 311 xotin-qizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tiklashda amaliy yordam koʻrsatildi.
Ichki ishlar organlariga biriktirilgan 17 689 yosh bilan individual suhbatlar oʻtkazildi. Ulardan 3 592 nafarida muammolar aniqlandi va 56% holatda ijobiy yechim topildi. Xususan, 413 nafar yosh ishga joylashtirildi, 104 nafariga kredit, 19 nafarga harbiy xizmat shartnomasi puli toʻlab berildi.
Olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi oʻzini koʻrsatmoqda: respublika boʻyicha mavjud 9 008 ta mahallaning 48,1 foizida umuman jinoyat sodir etilmadi. 3 671 ta mahallada jinoyatchilik keskin kamaydi. Bevosita profilaktika inspektorlari 2 346 ta jinoyatni fosh etishga erishdi, 284 nafar qidiruvdagi shaxs qoʻlga olindi.
“Xavfsiz shahar” markazi tomonidan mahallalar videokuzatuv tizimi bilan qamrab olinmoqda. Jumladan, 1 753 ta aqlli kamera va 171 ta PTZ qurilmalarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning 1-sonli qarori mamlakatda jamoat xavfsizligi, huquqbuzarliklarning oldini olish, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash borasida mutlaqo yangi — tizimli, innovatsion va insonparvar yondashuvni shakllantirmoqda. Ushbu chora-tadbirlar kelgusida ham fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.









