Rossiya Federatsiyasining turdosh oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar bir hafta davomida IIV Akademiyasida boʻlishdi
2025-08-27 11:15:00 / Yangiliklar

Taʼlim muassasasida ular uchun dolzarb mavzularga bagʻishlangan mashgʻulotlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, motivatsion uchrashuvlar tashkil qilindi. Muhimi, oʻquv yigʻini davomida yoshlarning siyosiy ongi, maʼnaviy dunyoqarashi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, mamlakatimiz hayotida roʻy berayotgan yangilanishlarga boʻlgan daxldorlik hissini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, yurtimiz yoshlari Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishib, taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan yondashuvlar, ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash borasida milliy va xalqaro tajribaning oʻziga xos jihatlari xususida fikr almashdilar. Ichki ishlar organlari tarixi muzeyiga sayohat tizimning shonli oʻtmishi va rivojlanish bosqichlari haqida qiziqarli maʼlumotlar, qimmatli eksponatlar bilan tanishish imkonini berdi.
Bir soʻz bilan aytganda, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish maqsadida tashkil qilingan oʻquv yigʻini yozgi taʼtilni mazmunli va foydali oʻtkazishga xizmat qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









