Xorazm viloyati Xavfsiz turizm hamda transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlariga bir qator ustuvor vazifalar belgilandi
2025-08-27 11:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda sayyohlarni jalb qilish uchun soʻnggi yillarda nafaqat tarixiy va madaniy tadbirlar, shuningdek, jahon miqyosidagi sport musobaqalari, dam olish turistik maskanlari, koʻrgazma namoyishlari, ilmiy konferensiyalarni uyushtirish bilan ushbu yoʻnalishda sayyohlar oqimini jalb qilish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda.
Vazir oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida bir qator oʻrganishlar olib borilib, viloyatning bevosita turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar birma-bir tahlil qilinib, tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xizmat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izi”da fosh etish, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat intizomi, qonunchilikka rioya etish borasidagi bir qator koʻrsatmalar berildi.
Xususan, viloyat kesimida xizmat hududlaridan oʻtuvchi temir yoʻl izlariga yaqin joylashgan mahalla, korxona va taʼlim muassasalarida profilaktik uchrashuvlar oʻtkazilishi, transport obyektlarida baxtsiz hodisalarning barvaqt oldini olish, vokzal ishchilari va yoʻlovchi fuqarolar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish va ularning profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar hushyorligi va ogohligini oshirish, shuningdek, xodimlar oʻrtasida ijro intizomi, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha masʼul xodimlarga koʻrsatmalar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati







