Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha tanlovning hududiy saralash bosqichi oʻtkazildi
2025-08-26 13:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-mart kunidagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6196-sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgust kunidagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori hamda Tergov departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentining tegishli koʻrsatmasiga asosan Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha koʻrik tanlovining hududiy saralash bosqichi boʻlib oʻtdi.
Koʻrik-tanlov bir qator shartlar asosida oʻtkazildi. Dastlab xodimlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlarda toʻsinda tortilish, 100 metr hamda 3000 metrga yugurish boʻyicha sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa, soʻngra jangovar tayyorgarlik bahslarida oʻq otish, Makarov pistoletini toʻliqsiz qismlarga ajratish boʻyicha bahslashdilar.
Shundan soʻng, ishtirokchilarning bilim darajasini hamda IQ (intellektual koeffitsiyent) va individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari olindi. Bahslar soʻngida, koʻrik tanlovning viloyat komissiyasi tomonidan har bir ishtirokchilar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.
Qizgʻin va murosasiz oʻtgan koʻrik tanlov yakunlariga koʻra 3-oʻrinni Surxondaryo viloyati IIB Shimoliy mintaqaviy hudud Uzun tumani IIB 2-son IIB surishtiruv guruhi surishtiruvchisi katta leytenant Sherzod Mamarajabov, 2-oʻrinni Surxondaryo viloyati IIB Shimoliy mintaqaviy hudud Sariosiyo tumani ichki ishlar boʻlimi 1-son ichki ishlar boʻlinmasi surishtiruv guruhi surishtiruvchisi leytenant Asilbek Amonqulov va faxrli 1-oʻrinni Surxondaryo viloyati IIB Axborot texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov guruhi katta tergovchisi katta leytenant Jaloliddin Xurramovlar egalladi.
Koʻrik-tanlov gʻolibligini qoʻlga kiritgan ishtirokchilar kelgusida respublikada boʻlib oʻtadigan tanlovning final bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









