Mustaqilligimizning 34-yillik bayrami arafasida bir guruh soha faxriylari munosib ragʻbatlantirildi
2025-08-26 11:35:00 / Yangiliklar

Eng ulugʻ va eng aziz bayram – mustaqilligimizning 34-yillik shodiyonalari arafasida Fargʻona viloyati IIBda tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda viloyatimiz shahar va tumanlarida istiqomat qiladigan bir guruh faol faxriylar ham ishtirok etdilar.
“Ustoz-shogird” anʼanasiga tayangan holda oʻzlariga biriktirilgan yosh profilaktika inspektorlariga tajribalarini oʻrgatib, amaliy yordam berib, viloyatimizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faxriylarga pul mukofotlari taqdim etildi.
General-mayor Azizbek Ikramov faxriylarga mukofotlarni topshirish bilan birga, bayram bilan tabriklab, kelgusida hamkorlikni mustahkamlash va yanada samarali ishlashga daʼvat qildi.
Shuningdek, Mustaqilligimizning 34-yillik bayrami hamda Yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan Fargʻona viloyati IIB rahbariyati xayrli tashabbusga qoʻl urdi.
Boshqarmada boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning farzandlariga bepul oʻquv qurollari tarqatildi.
Shu kuni tadbirda ishtirok etgan bolajonlar uchun Fargʻona shahridagi hayvonot bogʻiga sayohat ham tashkil etildi.
Sifatli oʻquv qurollari hamda maroqli sayohat bolajonlarga bayramona zavq ulashdi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati






