Sirdaryo viloyatida Mustaqillik bayrami tadbirlarini tinch va osoyishta oʻtkazishga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilmoqda
2025-08-24 09:30:00 / Yangiliklar

Yurtimizda Mustaqilligimizning 34-yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlarini yuqori saviyada, xalqimizga xos shukuh va ruhda, tinch va osoyishta oʻtkazish maqsadida Sirdaryo viloyati hududida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul rahbari hamda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligida mutasaddi idora va xizmatlar rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda bayram tadbirlari davrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, masʼul rahbarlar tomonidan shaxsiy tarkibga xizmat burchlarini sidqidildan bajarish, fuqarolar xavfsizligi va tinchligini taʼminlash ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng, rahbariyat “Qalqon” platformasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, bayram oʻtkaziladigan maskanlarda jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash yuzasidan masʼullarga koʻrsatmalar berdi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









