Namangan viloyatida xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda
2025-08-23 10:15:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati IIB rahbariyati hamda ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi “qizil” toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida muntazam oʻrganishlar olib borilmoqda.
Chortoq, Uychi, Davlatobod va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlar davomida mahalla yettiliklari faoliyati tahlil qilinib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi. Baʼzi hududlarda sodir etilgan ogʻir turdagi jinoyatlar chuqur oʻrganilib, masʼul xodimlarning sustkashliklari keskin tanqid qilinib, qatʼiy ogohlantirildi.
Oʻrganishlar chogʻida xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Tuman IIB va Qoʻriqlash boʻlimlari faoliyati koʻrib chiqildi, qoʻriqlash xizmati jangovar shayligi sinovdan oʻtkazildi, mahalla faollariga “tashvish tugmalari”dan foydalanish tartibi tushuntirildi.
Yakunida masʼullarga jinoyatchilikning oldini olish, aholi muammolarini xonadonma-xonadon oʻrganib samarali yechim topish, shuningdek, “qizil” toifadagi mahallalarni bosqichma-bosqich “sariq” va “yashil” toifaga oʻtkazish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









