Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan fuqarolar va xodimlar muammolari eshitildi
2025-08-21 19:45:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi fuqarolar murojaatlariga alohida eʼtibor qaratib, tizimda ochiq muloqot va shaffoflikni taʼminlash maqsadida shaxsiy hamda sayyor qabullarni muntazam oʻtkazib kelmoqda. Bunday muloqotlar aholining muammolarini joylarda toʻgʻridan-toʻgʻri eshitish, ularga amaliy yordam koʻrsatish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 20-avgust kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov navbatdagi shaxsiy qabulni oʻtkazdi. Tadbir Toshkent shahridagi IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida boʻlib oʻtdi.
Qabul davomida asosan ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash, kadrlar bilan ishlash, lavozimga qayta tiklanish, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Murojaat etgan har bir fuqaroning muammosi diqqat bilan eshitildi, tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Ayrim holatlarda esa masalalar joyida hal etildi.
Qabulda ishtirok etgan fuqarolarning aytishicha, bunday uchrashuvlar odamlar uchun katta imkoniyat yaratadi.
“Murojaatim juda diqqat bilan eshitildi, muammomga yechim topish uchun amaliy choralar koʻrildi. Bunday qabullar davlat organlariga ishonchimizni oshiradi”, — dedi murojaatchilardan biri.
Yana bir fuqaro esa shunday fikr bildirdi: “Avval bu masalalarni kimga aytishni bilmasdik. Endi toʻgʻridan-toʻgʻri rahbarlar bilan muloqot qilish imkoniyati paydo boʻldi. Bu katta oʻzgarish”.
IIVdagi bu tashabbus tizimda inson manfaatlarini ustuvor qoʻyish, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash va aholi bilan yaqin muloqot oʻrnatish yoʻlidagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.



