Tojikistonlik mehmonlar Respublika IIV Akademiyasi bazasida maxsus oʻquv mashgʻulotida ishtirok etdilar
2025-08-20 13:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston respublikasi IIV tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash, respublikamizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jamoat tartibini saqlash borasida olib borilayotgan ishlar oʻz samaradorligi bilan koʻplab davlatlarning eʼtiboriga tushmoqda. Ichki ishlar vazirligi tomonidan zamon bilan hamnafas qadam tashlash, ilgʻor texnologiyalarni tizimga tatbiq etish bilan bir qatorda xorijiy davlatlar bilan foydali tajriba almashish jarayonlari yoʻlga qoʻyilganligini taʼkidlamoq lozim. Joriy yilning 11-15-avgust kunlari Tojikiston respublikasi IIV Dushanbe shahri boʻyicha boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Fayzali Saydalizoda rahbarligidagi guruh ana shu maqsadlarda yurtimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar Respublika IIV Akademiyasi bazasida maxsus oʻquv mashgʻulotida ishtirok etdilar. Mashgʻulot davomida delegatsiya aʼzolari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishishga muyassar boʻlishdi. Boshqarma tomonidan kiberjinoyatlarning turlari, ularning sodir etilish mexanizmlari, axborot tizimidan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi olib borilayotgan ishlar, shuningdek raqamli kriminalistika yoʻnalishidagi faoliyat boʻyicha maʼlumotlar delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi. Toshkent shahar tajribasini oʻz faoliyatlarida qoʻllash yuzasidan kelishib olishdi.
Shuningdek, Bosh boshqarmaning Axborot va multimedia markazi faoliyati bilan tanishar ekan, mehmonlar poytaxt hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashda Bosh boshqarma faoliyati, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlardan keng aholi qatlamlarini xabardor qilish, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot-ogohlantirish ishlariga katta qiziqish bildirdilar. Bosh boshqarmaning “Shon-sharaf” muzeyidagi tizimning tashkil topish tarixi, shakllanish jarayonlari haqida soʻzlovchi eksponatlar, koʻrgazmali qurollar shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash, qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlida jonlarini qurbon qilgan xodimlar haqidagi hujjatlar, maʼlumotlar mehmonlarning eʼtiboridan chetda qolmadi.
Soha xodimlarining xorijiy hamkasblar bilan oʻquv kurslarini tashkil etish, tajriba almashish, hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali bugungi globallashuv davrida transchegaraviy jinoyatlarga barham berish mexanizmi mustahkamlanishini yana bir bor isbotlamoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati





