Kasb fidoyisi. «Sizdan minnatdorman...»
2025-08-19 13:15:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanidagi «Sohil» mahallasida istiqomat qiladigan Nozima (ismi oʻzgartirildi) hozirda Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining ikkinchi bosqich talabasi. Uning oʻqishga kirib, orzulari roʻyobga chiqishida mahalla profilaktika inspektori, katta leytenant Komil Doʻstmurodovning xizmatlari katta boʻlgan.
Gap shundaki, Nozima yuqori sinfda oʻqib yurgan paytida hamma narsaga qiziqadigan qizga aylangandi. Bir kuni dugonasi bilan doʻkondan sigareta xarid qilishdi. Maktabdan qaytayotib bir burchakda tamaki tortib koʻrishdi. Nozimaga dastlab bu yoqmadi. Lekin ikki-uch kun oʻtgach, yana sigareta cheka boshladi.
Bu hali boshlanishi edi. Dugonasi bilan kelishib, Toshkentga aylanishga bormoqchi boʻlishdi. Ular poytaxtda yangi ochilgan universitetda uch kunlik konsultativ seminarga ketyapmiz, deb uydagilarni aldashdi. Ota-onalari ularning gapiga ishonib, qoʻllariga pul berishdi...
Oʻquvchi qizlarning maktabga oʻqishga kelmay qoʻyganidan xavotir olgan sinf rahbari, uning ortidan profilaktika inspektori Komil Doʻstmurodov Nozimalarnikiga kirib keldi. Asl vaziyatdan xabar topgan ota-ona gʻazab otiga mindi. Katta leytenant ularni tinchlantirdi. Oʻsmir qizlarning telefon raqamini olib, ular bilan sokin gaplashdi. Vahima qoʻzgʻamadi. Koʻp oʻtmay, ularning otalari hamrohligida poytaxtga yoʻl oldi...
Uyga qaytib kelishgach, Nozima profilaktika inspektorining nazoratiga olindi. U har kuni maktabga kelar, davomatni surishtirish asnosida qizning oʻqishidan xabar olardi. Oʻzaro suhbatlardan birida katta leytenant Komil Doʻstmurodov qizning axborot texnologiyalariga qiziqishi borligini sezib qoldi. Ustozlari bilan maslahatlashib, uni dasturchilik yoʻnalishidagi repetitorlik kursiga borishga undadi. Nozima dastlab koʻnmadi. Soʻng rozi boʻldi, oʻquv kursiga qatnay boshladi. Bir yarim yil deganda esa, bir nechta murakkab dasturlash tillarida mustaqil ishlay boshladi. Qiziqishi ortib, shu sohaga boshi bilan shoʻngʻidi. Natijada 11-sinfni tugatgach, Toshkent Axborot texnologiyalari universitetiga hech qiynalmay oʻqishga kirdi.
Aytganimizdek, Nozima endi talaba. Oʻqishlari yaxshi, orzulari katta. Buning uchun oʻzi ham, ota-onasi ham profilaktika inspektori, katta leytenant Komil Doʻstmurodovdan juda minnatdor. Boisi, agar oʻshanda uni notoʻgʻri yoʻlga kirishdan profilaktika inspektori saqlab qolmaganida edi, mana shunday natijaga erishmagan boʻlardi.
Abdurahmon Mustafoqulov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Sirdaryo viloyati
