Sirdaryo viloyati Xovos tumanida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika ishlari oʻrganildi
2025-08-19 10:50:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Xovos tumanida boʻlib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.
Tashrif davomida boshqarma boshligʻi tumandagi bir qator mahallalarga boʻldi. Mahalla yettiligi tarkibi bilan uchrashib, jamoat tartibini taʼminlash, aholi bilan hamkorlikda ishlash, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish masalalari muhokama etildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori asosida ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosi koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlarda boshqarma boshligʻi joylarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, profilaktik tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish va har bir mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, mutasaddilarga profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, aholi bilan doimiy muloqotda boʻlish, ijtimoiy nazoratni samarali amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma va tavsiyalar berdi.
Tashrif davomida boshqarma boshligʻi tumandagi ayrim alohida toifadagi shaxslar yashaydigan xonadonlarga kirib, ularning turmush sharoiti, ehtiyoj va takliflarini oʻrgandi. Muammolarni joyida hal qilish maqsadida masʼul tashkilot va mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berildi.
Boshqarma boshligʻi taʼkidlaganidek, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla faollari, hudud profilaktika inspektorlari va aholining oʻzaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, joylarda bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati






