Uchtepa tumanida Toshkent shahar IIBB boshligʻining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi
2025-08-18 14:20:00 / Yangiliklar

Muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan sayyor qabullar yordamida aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlab, joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar oʻz natijasini bermoqda.
Xususan, navbatdagi sayyor qabul Uchtepa tumanida joylashgan “SAMO” inson taraqqiyoti xalqaro markazi binosida boʻlib oʻtdi.
Uchtepa va Chilonzor tumani aholisining murojaatlarini oʻrganish maqsadida tashkil etilgan mazkur qabulda poytaxt IIBB boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamadjanov hamda boshqa masʼul rahbarlar ishtirok etishdi.
Oʻtkazilgan sayyor qabul davomida fuqarolar huquqiy-ijtimoiy mavzularda – tergovga qadar tekshiruv, tergov doirasidagi ishlar, bandlik, salomatlikni tiklash, taʼlim, yuridik munosabatlar boʻyicha amaliy yordam soʻrab masʼul rahbarlarga yuzlandilar. Murojaatlarning 14 tasi joyida ijobiy hal etildi, 8 tasi boʻyicha malakali tushuntirish berildi. Koʻrib chiqish qoʻshimcha muddat talab etadigan 12 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Xususan, bir nafar fuqaroning “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 43-moddalariga muvofiq arizasi qanoatlantirilib, unga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligini tasdiqlovchi ID kartasi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, poytaxtimizda yashovchi 4 nafar yoshlarga 16 yoshga toʻlganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi ID kartasi topshirildi.
Qabuldan soʻng bosh boshqarma boshligʻi hamda tuman hokimi Farxod va Shirin mahallasi kesishgan hududda bunyod etilayotgan alleyani koʻzdan kechirishdi. Xavfsiz koʻchaga aylanishi rejalashtirilgan ushbu maskanda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, xavfsizlik choralari bilan tanishildi. R.Sultanxodjayev tomonidan qoʻshimcha kuzatuv kameralarini oʻrnatish va ularni Yagona tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng Toshkent shahar IIBB rahbariyati uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriy xodim Abror Ibragimovning xonadoniga tashrif buyurib, undan xabar oldilar va bir piyola choy ustida ish jarayonida boʻlib oʻtgan esda qolarli voqealarni xotirladilar. Soʻngra shu tumanda istiqomat qiluvchi profilaktika inspektorining xizmat uyiga borilib, uning turmush tarzi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti oʻrganildi hamda oilaviy yashash sharoiti koʻzdan kechirildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









