“Ijtimoiy himoya oyligi”. Koʻngillarni shod etib
2025-08-17 00:00:00 / Yangiliklar

Viloyat ichki ishlar organlarida «Ijtimoiy himoya oyligi» uyushqoqlik bilan oʻtkazilyapti.
Fargʻona shahar IIOFMB rahbariyati tomonidan koʻp yillar tizimda samarali xizmat qilgan isteʼfodagi mayor Sodiqjon Usmonov hamda isteʼfodagi kapitan Rahmonjon Usmonovlarning holidan xabar olinib, ularning oilasiga beminnat yordam koʻrsatildi.
Ayniqsa, ichki ishlar organlarida xizmat qilgan va ayni paytda I guruh nogironi sifatida nafaqada boʻlgan isteʼfodagi kapitan Rasuljon Yunusovning koʻngli togʻdek koʻtarildi. Sababi soha rahbariyati va bir guruh hamkasblar uning xonadoniga yoʻqlab borib, zarur moddiy yordam koʻrsatishdi.
Fargʻona shahridagi 3-sonli huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Shohruxxoʻja Hoshimovning ota-onasi koʻpdan beri bemor edi. Boshqarma mutasaddilari ushbu nuroniylar holidan xabar olish va amaliy yordam berish maqsadida ularning xonadoniga borib, ezgu duoga musharraf boʻlishdi.
Viloyat IIB JXX JTSB Patrul-post xizmati batalyoni tumanlararo patrul-post xizmati otryadi rahbariyati va shaxsiy tarkibi ham oylik davomida savobli ishga qoʻl urishdi. Xizmatdan boʻsh paytda xodimlar safdor Saydullo Joʻrayevning xonadonida hashar uyushtirib, qurilishi tugallanmagan bino va imoratlarini bitkazishga yordam berishdi.
Shuningdek, PPX batalyonida xizmat qilgan marhum Valijon Qurbonovning qandli diabet kasalligi bilan ogʻrib, toʻshakka mixlanib qolgan onasiga nogironlar aravachasi olib berildi. Saxovatdan koʻngli shod boʻlgan onaxon esa oʻgʻlining safdoshlarini duo qildi.
