Buxoroda yoʻl infratuzilmasi va piyodalar xavfsizligi ishlari oʻrganildi
2025-08-15 17:35:00 / Yangiliklar

IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati Buxoro viloyatida yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan ishlar jarayonini oʻrgandi.
Xususan, Romitan tumanida piyodalar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish maqsadida yangi trotuarlar qurilayotgani, zamonaviy yoritish tizimlari oʻrnatilayotgani, maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofida bolalar harakati uchun maxsus belgilar va yoʻl chiziqlari chizish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Qorakoʻl tumanidagi markaziy dehqon bozor qarshisida piyodalarga qulay shart sharoit yaratish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida qurilayotgan yer osti yoʻlining qurilish loyihasi ham oʻrganildi.
Bu kabi amaliy ishlar respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirilib, nafaqat transport vositalarining oqimini samarali tashkil etish, balki fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilishga ham xizmat qiladi.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati









