IIV Oʻquv-dala markazida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi
2025-08-15 11:45:00 / Yangiliklar

Yurt kelajagi uchun sobit qadam boʻlish, uni asrab-avaylash va yanada yuksaltirish har bir avlodning muqaddas burchidir. Bu yoʻlda yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini mustahkamlash, ularga milliy qadriyat va anʼanalarni, shonli tariximizni chuqur anglashni oʻrgatish beqiyos ahamiyatga ega.
Ana shunday ezgu maqsadlarni koʻzlab, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtib, akademiya kursanti degan sharafli nomga sazovor boʻlgan yosh ishtirokida IIV Oʻquv-dala markazida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.
Tadbirda IIV akademiyasi rahbariyati, Magistratura Boshqaruv fanlari kafedrasi katta oʻqituvchisi, isteʼfodagi general-mayor Tohir Mullajonov, saf qismi ofitserlari qatnashdilar. Uchrashuv samimiyat, oʻzaro hurmat va hayotiy maslahatlar ruhida kechdi.
Soha fidoyisi bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid siyosat, keng imkoniyatlar va ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida soʻz yuritdi. Ushbu islohotlar tufayli yosh kadrlar uchun zamonaviy taʼlim dasturlari, malaka oshirish imkoniyatlari, xizmat sharoitlarini yaxshilash hamda maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimlari yanada mustahkamlanayotgani taʼkidlandi.
Suhbat jarayonida “ustoz-shogird” anʼanasining ahamiyati, izlanish va oʻz ustida ishlashning zarurligi haqida ham soʻz bordi. Yurt xizmatiga bel bogʻlagan har bir yosh bilimli, jasoratli va halol boʻlishi muhimligi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir soʻngida kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, yangi orzu va maqsadlar bilan ruhlandilar. “Uch avlod uchrashuvi” nafaqat tajriba almashish maydoni, balki qalblarni yagona maqsad — Vatan ravnaqi yoʻlida birlashtirgan samimiy muloqot boʻlib qoldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



