«Olam nurga toʻlsin, sen bilan Navroʻz!» shiori ostida nishonlangan Navroʻz umumxalq bayrami Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasida ham tantanavor tarzda oʻtkazildi
2024-03-23 19:50:00 / Yangiliklar

Xalqimizning qadimiy bayrami oʻzida shukronalik, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik va bagʻrikenglik singari yuksak insoniy gʻoyalarni mujassam etgan Navroʻzi olam yurtimizning turli jabhalarida keng nishonlanmoqda. Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida ham Olam nurga toʻlsin, sen bilan Navroʻz ! shiori ostida tantanali bayram tashkil etildi. Davlatimiz madhiyasi bilan boshlangan tadbirda boshqarma boshligʻi Rahmat Mamatov soʻz olib barchani ayyom bilan qutlaydi. Taʼkidlandiki, Navroʻz — milliy oʻzligimizning ajralmas qismidir. Ushbu kun azal-azaldan insonlar qalbiga shodu xurramlik olib kelishi bilan birga, yaratuvchanlik zavqi va shijoatini uygʻotib, insonlari yangi zafarlarga chorlab kelgan.
Bayram munosabati bilan bir guruh xodimlar ichki ishlar vazirligining koʻkrak nishoni, faxriy yorliq hamda esdalik qoʻl soatlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, viloyat IIB boshligʻining buyrugʻi bilan qator xodimlar munosib ragʻbatlantirildi.
Navroʻz azaldan inson ruhiyatida yangilanish, yosharish ayyomi sifatida nishonlanib, oʻzgacha kayfiyat bilan kutib olingan. Tinch, osoyishta yurtga bayramlar yarashadi. Albatta, xalqimizning osuda hayotini taʼminlab, ularning shodiyona kunlarni xotirjam nishonlashida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmati beqiyos. Tadbir doirasida soʻz olganlar osoyishtalik posbonlarining ana shunday mashaqqatli ammo sharafli mehnatlarini eʼtirof etishdi. Taqdirlanganlar qalbida hayajon. Endilikda bildirilgan ishonchni oqlashda ikki karra masʼuliyat ortadi.
Taqdirlash marosimi unutilmas kun sifatida esdalik uchun suratlarga muhrlandi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati







