Toshkent shahar Yangihayot tumanida kriminogen vaziyat va xavfsizlik choralari oʻrganildi
2025-08-13 16:40:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBB boshligʻi boshchiligidagi ishchi guruh tumanlardagi kriminogen vaziyat, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganishda davom etmoqda.
Poytaxtning aholisi koʻp tumanlaridan biri Yangihayot tumani boʻlib, soʻnggi yillarda yangi massivlarning qurilishi bilan aholi va ijtimoiy infrastruktura obyektlar soni ham oshib bormoqda. Bosh boshqarma boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Toshkent shahar prokurorining birinchi oʻrinbosari polkovnik Anvar Oʻrmonov, tuman hokimi Hayot Inogamov va boshqa mutasaddi rahbarlar ushbu tumanga tashrif buyurdi.
Ishchi guruhning birinchi manzili tumanning 4-sonli Ichki ishlar boʻlimi boʻldi. Mazkur boʻlim tumandagi Binokor, Yangi Gulzor, Jaloir, Toshkent, Xushnud, Xoʻja Uchqun va Chortoq mahallalariga xizmat koʻrsatadi. Jinoyat sodir etilgan mahallalar soni 4 ta boʻlib, “sariq” toifadagi mahallalarga kiritilgan. 3 ta mahallada birorta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaganligi sababli “yashil” toifadagi mahallalar hisoblanadi. Hududda 72 ta koʻp qavatli uylar va 4 795 ta yakka tartibdagi xonadonlar joylashgan boʻlib, 34 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 4-sonli IIB boshligʻi Bekmurod Ismatov ishchi guruhga hududda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimotini qildi.
Shundan soʻng ishchi guruh “qizil” toifaga kiritilgan Fayzli mahallasiga tashrif buyurdi. Mahalla hududida 7 oy davomida 12 ta jinoyat qayd etilgan boʻlib, shundan 7 tasi oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar toifasidan hisoblanadi. Mahalla profilaktika inspektori hududda sodir etilgan har bir jinoyat, uning sabab va shart-sharoitlari yuzasidan hisobot berdi. Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Fayzli mahallasi hududida tumandagi eng yirik bozorlardan biri – “INDEX” savdo majmuasi joylashgan boʻlib, ishchi guruhning keyingi manzili aynan shu hudud boʻldi. Mazkur savdo majmuasi yer maydoni 72 gektarni tashkil qilib, 6 ta kirish-chiqish joylari mavjud. Hududga ikki nafar profilaktika inspektori, PPX, YPX va Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari biriktirilgan. Hududda 6 500 dan ziyod doʻkonlar mavjud boʻlib, kuzatuv kameralar oʻrnatilgan boʻlsada, ushbu kameralar soni doʻkonlar sonidan kamligi aniqlangan. Ishchi guruh tomonidan video-kameralar sonini koʻpaytirish va tegishli kameralarni Toshkent shahar IIBB Yagona boshqaruv markaziga integratsiya qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek ishchi guruh tumandagi ijtimoiy obyektga – Respublika teri-tanosil va kosmetologiya ilmiy markazining Toshkent shahar hududiy filialiga tashrif buyurdi. Oʻrganish jarayonida ushbu obyekt Qoʻriqlash boʻlimi tomonidan qoʻriqlovga olinmaganligi aniqlandi. Obyektni qoʻriqlovga olish va tashvish tugmasini oʻrnatish yuzasidan tavsiya berildi.
Yangihayot tumanidagi 2-sonli IIBdagi kriminogen vaziyatni oʻrganish jarayonida ushbu hududdagi 4 ta mahallada (Yangi Choshtepa, Yangi Darxon, Oriyat, Yangi Hayot) jinoyat sodir etilganligi aniqlandi. Ushbu mahallalar “sariq” toifaga kiritilgan boʻlib, mahallalarga masʼul rahbarlar biriktirilgan. 3 ta mahallada (Tashabbus, Choshtepa, Yangi Umid) jinoyat sodir etilishiga qoʻl qoʻyilmaganligi sababli “yashil” toifaga kiritilgan. Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan “sariq” toifadagi mahallalarni “yashil” toifaga oʻtkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tumandagi Qoʻriqlash boʻlimi faoliyati oʻrganilganda, boʻlimning 7 oylik faoliyati bilan tanishtirildi. Shuningdek ishchi guruh tomonidan xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi.
Ishchi guruhning soʻnggi obyekti tuman IIO FMB ning yangi qurilgan maʼmuriy binosi boʻldi. Mazkur bino aholiga qulay hududda joylashgan boʻlib, zamonaviy texnik imkoniyatlarga, xodimlar ish samaradorligini oshirish uchun barcha shart-sharoitlarga ega boʻlishi rejalashtirilgan. Ishchi guruh tomonidan yakuniga yetayotgan taʼmirlash jarayonlari koʻzdan kechirildi.
Yakunda bosh boshqarma boshligʻi tomonidan barcha masʼullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berilib, amalga oshirish muddatlari belgilandi.
Bu kabi oʻrganishlar barcha tumanlarda davom etmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









