Ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi
2025-08-13 11:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Ichki ishlar organlarining barcha darajadagi boʻlim boshliqlari, tuman (shahar-tarmoq) Ichki ishlar organlari boshligʻining oʻrinbosarlari lavozimiga tayinlash uchun oʻquv kurslariga jalb qilingan xodimlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlash maqsadida Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markaziga tashrif buyurildi.
Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazining zamonaviy videokuzatuv kameralar orqali hudud xavfsizligini taʼminlash faoliyati va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan ochish, ommaviy tartibsizliklar hamda boshqa maxsus tadbirlarda foydalanishdagi samaradorligini tahlil qilish, ichki ishlar organlari tizimida raqamli texnologiyalarni qoʻllash imkoniyatlari bilan atroflicha tanishtirildi.
Tashrif davomida xodimlarga markaz faoliyati, undagi zamonaviy raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida ishlovchi tizimlar, shuningdek, qulay shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, shahar hududidagi turar va noturar joylarga oʻrnatilgan yuqori aniqlikdagi videokuzatuv kameralari va “Geoinformatsion elektron xarita” dasturlari yordamida jamoat joylarida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarini onlayn kuzatish, sunʼiy intellekt orqali vaziyatni real vaqt rejimida tahlil qilish va ularni aniq vaziyatga mos ravishda yoʻnaltirish imkoniyatlari namoyish etildi. “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz mahalla” tizimlarida huquqbuzarliklarni erta aniqlash hamda jinoyatlarni tezkor fosh etishda sunʼiy intellektning yuzni tanish, harakat trayektoriyasini aniqlash va avtomatik signal berish kabi funksiyalari katta samaradorlik berayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, tashrif davomida xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Ular, jumladan, markazdagi avtomatlashtirilgan dasturlar, maʼlumotlarni tezkor rejimda yigʻish, qayta ishlash, uzatish, shuningdek, qidiruvdagi avtotransport vositalari va jinoyat sodir etib, tergov hamda sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni aniqlashda sunʼiy intellekt asosidagi avtomatik identifikatsiya tizimlarining afzalliklari bilan yaqindan tanishishdi. Bu texnologiyalar real vaqt rejimida ishlash, katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyatlari bilan xodimlarda katta taassurot qoldirdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati





