Ijtimoiy himoya. Eʼtibor va gʻamxoʻrlik
2025-08-13 04:30:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy himoya har bir sohada muhim ahamiyatga molik masala boʻlib, moddiy va maʼnaviy koʻmak olgan xodimlar insonparvarlikdan xursand.
Namangan viloyatida ham bu borada olib borilayotgan ishlar eʼtirofga arzigulik. Ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xodimlar, mehnat faxriylari va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda yashash sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Joriy yil boshidan buyon mazkur komissiyaga 206 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 35 tasi uy-joy olish, 51 tasi yashash sharoitini yaxshilash uchun foizsiz qarz olish, 23 tasi ijara kompensatsiyasini toʻlab berish, 46 tasi oʻzi yoki betob yaqin qarindoshlarini operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar xarid qilish xarajatlarini qoplash, 51 ta toʻy va dafn marosimlarini oʻtkazish masalalaridan iborat.
Mazkur masalalarni ijobiy hal etish, amaliy yordam koʻrsatish maqsadida komissiya tomonidan 15 marotaba yigʻilish oʻtkazilib, 62 nafar xodimning murojaati qanoatlantirilib, buning uchun 387 mln 524 ming soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Xususan, Namangan tumani IIB JXX HPB ijtimoiy profilaktika guruhi katta inspektori, podpolkovnik Tohirjon Murodovning yashash xonadonini taʼmirlash uchun 46 875 000 soʻm ssuda ajratildi.
Salomatligini tiklash uchun 29 nafar xodimga 256 mln soʻm, toʻy va boshqa marosimlar uchun 32 nafar xodimga 130 mln soʻm, yashash sharoitlarini yaxshilash uchun 14 nafar xodimga 694 mln 375 ming soʻm mablagʻ ajratildi. Joriy yilning iyul oyida 56 nafar xodimning ijara kompensatsiyalari uchun har oyda 73 mln 494 ming soʻm pul mablagʻlari toʻlab berildi.
Shuningdek, viloyat miqyosida ichki ishlar organlarida ishlab, pensiyaga chiqqan 4901 nafar faxriy, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy muhtojligi boʻyicha nafaqa tayinlangan sobiq xodimlarning oila aʼzolari roʻyxati shakllantirilgan. Yil boshidan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj 650 dan ortiq faxriy, 26 nafar xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodim va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari holidan doimiy ravishda xabar olinib, moddiy va maʼnaviy yordam berib kelinmoqda.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarida xizmat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriy xodimlarning yubileylari munosabati bilan boshqarma boshligʻi nomidan 91 nafar faxriyga tabriknoma va ijtimoiy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi. Faxriylarimiz bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan minnatdorliklarini izhor etishmoqda.
Ilhomjon TURGʻUNBOYEV, katta leytenant.
Namangan viloyati.
