Interpol MMBning xodimlari Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida axborot sohasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazdilar
2025-08-12 12:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining joriy yilning uchinchi choragiga moʻljallangan xizmat safarlari rejasiga muvofiq, Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdilar.
Xizmat safari davomida Interpol MMB xodimlari, byuro boshligʻi oʻrinbosari polkovnik G. Alimuhamedov rahbarligida, Interpol yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikni axborot bilan taʼminlashni tashkil etish masalalari yuzasidan uchrashuvlar va muhokamalar oʻtkazdilar. Shuningdek, Xorazm viloyati IIB va Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV hududiy boʻlinmalarining masʼul xodimlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV va Xorazm viloyati IIB xodimlariga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida IIV va IIB rahbarlari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazildi. Ushbu yigʻilishlarda shaxslar va avtotransport vositalarini xalqaro qidiruvini tashkil etish, terrorizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi va boshqa turdagi jinoiy faoliyatga oid masalalar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, Interpol yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikka masʼul xodimlarga Oʻzbekiston IIVning 2022-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida Interpolning Milliy markaziy byurosi faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida“gi 515-sonli buyrugʻi qoidalari keng va batafsil tushuntirildi. Xalqaro qidiruvni tashkil etishdagi muammolar oʻrganildi hamda ularni Interpolning xalqaro hamkorlik sohasidagi imkoniyatlaridan foydalangan holda bartaraf etish yoʻllari belgilandi.




