Fuqarolar osoyishtaligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va samarali nazorat uchun yangi zamin: Fargʻona viloyati IIB Ikkinchi mintaqaviy hududning zamonaviy muvofiqlashtirish markazi ishga tushirildi
2025-08-09 07:00:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-dekabrdagi “Fargʻona vodiysida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Fargʻona viloyati 19 ta shahar va tumanlarga boʻlingan holda ikki mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga ajratilgan edi. Shu asosda tashkil etilgan Ikkinchi mintaqaviy markaz soʻnggi yillarda vaqtincha Qoʻqon shahar IIB maʼmuriy binosida joylashgan holda faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Endilikda mazkur markaz xodimlari barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori qulayliklarga ega, funksional jihatdan toʻliq jihozlangan majmuada xizmat olib boradi.
Majmuaning tantanali ochilish marosimida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, viloyat hokimi hamda IIB masʼullari, hukumat vakillari, huquqni muhofaza qilish organlar rahbarlari, faxriylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida binoni barpo etishga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan quruvchi va bunyodkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir jarayonida viloyat hududida jinoyatchilikni jilovlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish va yurt osoyishtaligini taʼminlashda yuksak kasb mahoratini namoyish etib, zimmasidagi vazifalarni vijdonan bajarib kelayotgan bir guruh rahbar va xodimlarga “Chevrolet Cobalt”, “BYD Chazor” kabi 7 ta zamonaviy rusumdagi xizmat avtomashinalarining kalitlari hamda hizmat jarayonida foydalanish uchun turli anjomlar tantanali ravishda topshirildi.
Shundan soʻng ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari yangi majmuada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Yangi bino 2 ta asosiy boʻlimdan iborat boʻlib, ularning biri nazorat oʻtish punkti va 3 qavatli maʼmuriy binodan, ikkinchisi esa koʻp oʻrinli maxsus qabulxonadan tashkil topgan. Shuningdek, markaz tarkibida tezkor vazifalarni bajarish uchun safarbarlik otryadiga moʻljallangan alohida maʼmuriy inshoot ham mavjud.
Shu bilan birga, xonalar zamonaviy raqamli texnologiyalar, texnik vositalar hamda mebel jihozlari bilan toʻliq taʼminlandi. Markaz hovlisi obodonlashtirilib, ikkinchi mintaqaviy hududdagi shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlari ishini tezkor muvofiqlashtirish va xizmat samaradorligini oshirish uchur zarur shart-sharoitlar yaratildi. Barcha kuch va vositalarni bir joyga jamlagan, yaxlit zamonaviy boshqaruv majmuasi vujudga keldi.
Yangi majmuaning faoliyat boshlashi nafaqat xodimlar uchun qulay va zamonaviy mehnat sharoitlarini yaratadi, balki butun mintaqada jamoat xavfsizligi va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bunday loyihalar — huquq-tartibot organlari imkoniyatlarini yanada mustahkamlash va jamiyatda tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy natijasidir.









