IIV Malaka oshirish institutida xizmat intizomi va qonuniylik masalalari muhokama qilindi
2025-08-08 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti tinglovchilari bilan vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi taʼlim muassasalari boʻyicha boʻlimi xodimlari tomonidan “Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash — asosiy vazifamiz” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir davomida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, ularni Vatanga, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash, oʻqitish, malakasini oshirish, kasbiy hamda jangovar tayyorgarligini yuksaltirish borasida bir qator tegishli ishlar amalga oshirilayotganligi eʼtirof etildi.
Xizmat intizomi, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniylikka amal qilishi, xizmatda va kundalik hayotda odob-axloq qoidalariga rioya etishi, ichki tartib-qoidalarga rioya qilish, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalada boʻlish lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek, tamagirlik, poraxoʻrlik, xizmat vazifasini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq illatlarga yoʻl qoʻymaslik, bunday holatlar yuz berganda koʻrilajak choralar haqida maʼlumot berildi.
Nopok xodimlar xizmat burchiga va qasamyodiga xoinlik qilib, vakolatiga kirmaydigan ishlarga qoʻl urayotgani oz boʻlsa-da, hamon uchrab turgani taʼkidlandi.
Shundan soʻng “Nafsning soʻnggi manzili” filmi namoyish etildi.
Tinglovchilar tomonidan qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
IIV Malaka oshirish instituti



