Buxoro viloyati Shofirkon tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganildi
2025-08-07 11:45:00 / Yangiliklar

Boshqarma boshligʻi dastlab, tuman Ichki ishlar boʻlimida boʻlib, Navbatchilik qismi faoliyatini koʻzdan kechirdi. Xususan, “E-material” elektron platformasi orqali kelib tushayotgan kundalik materiallarning qayd etilishi, ularni koʻrib chiqish tartibi hamda ular yuzasidan qonuniy va asosli qarorlar qabul qilinishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
“Qalmaqon“ mahallasi tumandagi kriminogen vaziyati bir muncha murakkab boʻlib, olib borilayotgan keng koʻlamli hamda manzilli profilaktik tadbirlarga qaramasdan soʻnggi 5 yil davomida “qizil” toifadan chiqmasdan kelmoqda. Ushbu mahallada boʻlgan boshqarma boshligʻi hududda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xarita”ning amaliy ijrosi, profilaktik ishlar samaradorligi va jinoyat oʻchoqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tanqidiy tahlil qildi. Shuningdek, “Xavfsiz tun” tadbiriga jalb qilingan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati oʻrganilib, xizmatga jalb etilgan xodimlarga yoʻriqnoma berdi.
Mutasaddilar birgalikda mahallada qayd etilgan jinoyat turlari va sodir etgan shaxslar toifalari, shuningdek, sodir etilish vaqtiga asoslanib qilingan tahlillar asosida tungi vaqtda piyoda yurib, hududdagi jinoyat oʻchoqlarini birma bir koʻzdan kechirdilar.
Bunda asosiy eʼtibor mahallada kunduzgi va tungi vaqtlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va mol-mulklari daxlsizligini taʼminlash, ayniqsa savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari oldida xavfsizlikni taʼminlash, velosiped va avtomashina oʻgʻirliklarining oldini olish, voyaga yetmagan yoshlarning bemaqsad yurishlariga chek qoʻyish, xotin-qizlar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish, nizoli oilalar bilan ishlash masalalari, shuningdek, hududning kameralashtirilganligi, qoʻriqlash pultlari bilan jihozlanganligi hamda kuch-vositalarning taqsimoti toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligiga qaratildi.
Mazkur tadbirlar doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish va jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida qator topshiriqlar berildi.
Bu kabi oʻrganishlar tasdiqlangan grafik asosida davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









