Yurtimizda boʻlib oʻtgan U19 oʻsmirlar oʻrtasidagi voleybol boʻyicha Jahon chempionati yakunlari sarhisob qilindi
2025-08-06 20:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida joriy yilning 24-iyuldan 4-avgustgacha poytaxtimiz Toshkent shahrida yuksak tashkiliy darajada oʻtkazilgan U19 oʻsmirlar oʻrtasidagi voleybol boʻyicha Jahon chempionati yakunlari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ushbu musobaqa nafaqat mamlakatimiz sport tarixida, balki xalqaro miqyosdagi sport diplomatiyasida ham muhim sahifani ochdi. Yigʻilishda mazkur nufuzli musobaqada 24 davlatdan kelgan 288 nafar sportchi ishtirok etganligi taʼkidlandi. Ularning oʻyinlari ustuvor professional mezonlar asosida baholanishi uchun musobaqaga 56 nafar xalqaro hakam va 50 nafar mahalliy hakam jalb etildi. Shubhasiz, bu ulkan miqyosdagi tadbirning har bir daqiqasi sinchkov reja, izchil tartib va sadoqatli xizmat bilan taʼminlandi.
Shu bilan birga, 50 dan ortiq mahalliy va xorijiy jurnalistlar, jumladan CNN, BBC kabi dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari chempionatni yoritishda faol ishtirok etib, yurtimizning sport salohiyati va tashkiliy madaniyatini dunyo jamoatchiligiga keng namoyish qildilar. Yurtimizdagi barcha televideniye, radio, gazeta va internet nashrlarida voqelik operativ, professional va keng qamrovda yoritildi.
Musobaqa davomida 120 dan ortiq volontyorlar jamoatchilik bilan aloqa, mehmonlarni kutib olish, yoʻnaltirish va har tomonlama koʻmak berish borasida fidoyilik namunalarini koʻrsatdilar. Ularning insoniy iliqligi, muloqot madaniyati va cheksiz masʼuliyati xalqaro mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Albatta, ushbu musobaqaning xavfsiz va tartibli oʻtishida Ichki ishlar vazirligi xodimlarining hissasi beqiyos boʻldi. Ular barcha uchrashuvlar, mashgʻulotlar, rasmiy tadbirlar davomida sportchilar, delegatsiyalar, mehmonlar va tomoshabinlar xavfsizligini taʼminlashda yuksak masʼuliyat, professional tayyorgarlik va fidoyilik namunasini koʻrsatdilar. Ularning erta tongdan kechga qadar, baʼzida esa tunu kun davom etgan uzluksiz xizmatlari tufayli musobaqa birorta favqulodda holatsiz, mutlaqo tartibli va sokin muhitda yakunlandi.
70 nafardan ortiq xodim faoliyat olib borgan operativ shtab har qanday kutilmagan vaziyatga zudlik bilan javob qaytarib, musobaqaning barqaror va uzluksiz davom etishini taʼminladi.
Bundan tashqari, sport delegatsiyalarining oʻz vaqtida va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida 24 ta katta avtobus, 10 ta mikroavtobus va 30 dan ortiq yengil avtomobillar safarbar qilinib, yoʻlovchi tashish xizmatlari yuqori darajada tashkil etildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, chempionatni kuzatgan “FIVB” rasmiy delegatsiyasi Oʻzbekistonning tashkilotchilik salohiyatini chuqur eʼtirof etib, yurtimizni kelgusida ham ana shunday nufuzli xalqaro musobaqalarga toʻliq tayyor deb baholadi.
Yigʻilish soʻngida har bir xizmat koʻrsatgan yurtdoshimizning halol mehnati, vatanparvarligi va yuksak masʼuliyati mujassamligi alohida taʼkidlandi. Jurnalistlar, volontyorlar, huquq-tartibot xodimlari, texnik va tibbiy xizmat vakillari, tarjimonlar, haydovchilar, shtab xodimlari va boshqa barcha fidoyilarga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nomidan chuqur minnatdorchilik bildirildi.


