Buxoro viloyati huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari tomonidan Jondor tumanida jinoyatchilikka qarshi choralar oʻrganildi
2025-08-06 10:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–1-son “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, hamda Vazirlar Mahkamasining 801-son “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini doirasida amalga oshirilgan oʻrganishlarda mahalladagi mavjud kriminogen holat, jinoyat sodir etilish holatlari, profilaktika obyektlari va fuqarolar bilan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, “Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak” tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilgan chora-tadbirlar, jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Shu bilan birga, jinoyatchilikka moyil shaxslar, profilaktika hisobida turuvchi fuqarolar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar bilan individual tarzda olib borilayotgan profilaktik ishlar holati, oilaviy nizolar mavjud boʻlgan xonadonlar bilan ishlash samaradorligi muhokama qilindi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli rahbar va mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Bunday joyiga chiqib oʻtkazilayotgan tahliliy-tashkiliy tadbirlar viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham izchillik bilan davom ettirilib, mahallalarda barqaror, xavfsiz va sogʻlom ijtimoiy muhitni yaratishga qaratilgan tizimli islohotlarning samaradorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






