IIV Jamoat xavfsizligi departamentida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
2025-08-04 20:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida Ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash va ular oʻrtasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni samaradorligini oshirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Soʻnggi 8 yilda yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, ularning zamonaviy bilim olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, ularni vatanparvarlik va ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari Davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Yangi Oʻzbekiston davrida Yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 50 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Joriy yilning 3 aprel kunidagi “Ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash va ular oʻrtasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 182-son buyrugʻi bilan ichki ishlar organlariga biriktirilgan 25 ming (17 689) yoshlar bilan ishlarni mutasaddi boʻlgan barcha idora va tashkilotlarning boshini birlashtirib, tashkillashtirish va muvofiqlashtirish (koordinatsiya) chora-tadbirlari olib borilmoqda.
Unga koʻra, yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topishi, kasbga va xorijiy tillarga oʻrgatish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik qilishi uchun yordam koʻrsatish hamda har tomonlama koʻmaklashish asosiy mezon etib belgilandi.
Yigʻilish yakunida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan muhokama etilgan masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati




