Oramizdagi qahramonlar. Mard posbonlar jasorati
2025-08-04 15:30:00 / Yangiliklar

Vobkent tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, mayor Suhrob Ergashov 7-iyul kuni oʻzi xizmat olib borayotgan «Xalach» mahalla fuqarolar yigʻini Choyxona qishlogʻida yashovchi, 1970-yilda tugʻilgan J. Husenovning hayotini saqlab qoldi. Gap shundaki, fuqaro J. Husenov oftob tigʻida ishlaganidan qon bosimi oshib, tilining orqaga ketishi natijasida uyi oldidagi zovur yonida hushidan ketadi. Mayor S. Ergashov aynan shu paytda qishloqda targʻibot ishlarini olib borayotgandi. Bu xabarni eshitgach, yordamga shoshiladi. Fuqaroning tomir urishini tekshiradi, soʻngra darrov avtomashinasiga oʻtqazib, 10-sonli QVPga olib boradi. Shifokorlarning tezkor tibbiy muolajalari natijasida fuqaro hayotga qaytariladi.
Buxoro shahar IIOFMB 1-sonli IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, mayor Madiyor Hakimov esa 9-iyul kuni soat 12:00lar atrofida Bahouddin Naqshband nomli mahalladagi 26-koʻp qavatli uyning 5-qavatida yongʻin sodir boʻlganini eshitib, mahalla raisi bilan hodisa joyiga yetib boradi. Tezkor harakat bilan zinalardan odimlab, oltinchi qavatga koʻtariladi. Fuqaro eshigini ochgach, shu uyning balkonidan uy egasi uzatgan suv bilan yongʻinni oʻchirdi. Natijada koʻplab odamlarning hayoti va mol-mulki saqlab qolindi.
Mayor Suhrob Ergashovning ukalari Sardor (isteʼfodagi katta serjant) va Shohrux (kichik serjant) ham ichki ishlar xodimlari.
Buxoro davlat universitetini tugatgan S. Ergashov uch yil 24-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida jismoniy tarbiya fanidan oʻquvchilarga saboq berdi. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2013-yilda viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalyoni 3-otryadida safdor xodim lavozimida boshladi. 2016-yildan hozirgi kungacha qahramonimiz Vobkent tumani IIBda voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor, profilaktika inspektori, katta inspektori vazifalarida samarali faoliyat koʻrsatmoqda. U xizmat olib borgan mahallalarning barchasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini kamaytirishga erishdi. Xususan, ayni paytda xizmat koʻrsatayotgan «Xalach» mahallasi ham ikki yildan beri «yashil» toifada.
Mayor S. Ergashov uchun 2022-yil omadli keldi. Oʻshanda u fevral oyida sodir etilgan, ancha shov-shuvga sabab boʻlgan tomchilatib sugʻorish nasos agregatlari oʻgʻrilarini qoʻlga tushirgan edi. Uning saʼy-harakati tufayli bir kechaning oʻzida toʻrtta jinoyat fosh etildi. Oʻgʻrilar nasos agregatlari va elektroshitlarni yechib olib ketishayotgan ekan. Shundan bittasi Gʻijduvon tumanining «Gulistonobod» mahallasi hududidagi fermer xoʻjaligidan, yana bittasi Kogon tumani «Kogon» mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligidan oʻgʻirlangandi. Bu hali hammasi emas ekan. Mazkur holatlar aniqlangach, birin-ketin respublika boʻylab sodir etilgan oʻgʻriliklar ham ochildi. Misol uchun, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hamda viloyatimizning Peshku, Romitan, Qorakoʻl tumanlaridagi qirqqa yaqin jinoyatlar fosh etildi.
Shu yili mayor Suhrob Ergashov koʻrsatgan jasorati uchun Ichki ishlar vazirining esdalik qoʻl soati bilan taqdirlanib, imtiyozli ravishda IIV Akademiyasining sirtqi taʼlim yoʻnalishida oʻqishga kirdi. Shuningdek, viloyat IIB rahbariyati tomonidan pul mukofoti va tuman hokimining qimmatbaho sovgʻasini oldi...
Mayor Madiyor Hakimov 1986-yili Kogon tumanida tugʻilgan. U Buxoro davlat universitetini tugatgach, uch yil Kogon tumanidagi Maishiy kasb-hunar kollejida oʻqituvchi boʻlib ishladi. 2014-yil avgust oyidan beri Buxoro shahar IIOFMB HPB profilaktika inspektori, katta inspektori lavozimlarida xizmat qilib kelyapti.
84 ta koʻp qavatli uyni oʻz ichiga olgan Bahouddin Naqshband nomli mahallada 12 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, hududda ijaraga turuvchilar ham anchagina. Profilaktika katta inspektori, mayor M.Hakimov har kunlik ishni rejalashtirib amalga oshirmasa, qiyinchilikka uchrashi tayin. Shu bois u bugungi ishni ertaga qoldirmaslikka harakat qiladi. Navbatma-navbat koʻchalarni aylanib, fuqarolar bilan suhbatlashadi, har bir fuqaroning turmush tarzi va orzu-umidlari bilan qiziqadi. Mabodo birortasi ishsiz boʻlsa, uning istagidan, qobiliyatidan kelib chiqib shahardagi ishlab chiqarish korxonalariga va boshqa tashkilotlarga ishga kiritish chorasini koʻradi. Notinch oilalar, muqaddam sudlanganlar, ichkilikbozlikka ruju qoʻyganlar bilan suhbatlashish jarayonida ularning bu yoʻlga kirib qolishi sabablarini oʻrganib, imkon darajasida yechimini topishga harakat qiladi.
- Madiyor Hakimov oʻz kasbining haqiqiy ustasi va jonkuyaridir, — deydi mahalla raisi Hilola Isoqova. — U mahallamizda xizmatni boshlaganiga olti oydan oshdi. Shu oylar davomida koʻplab ijobiy ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, xonadonma-xonadon oʻrganish ishlarini olib borib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi, ishlab chiqarish sexlarini ochmoqchi boʻlgan mahalladoshlarimizga banklardan imtiyozli kredit olishiga koʻmaklashdik. Misol uchun, Y. Izomovaga oʻtgan yili subsidiya asosida 2 ta tikuv mashinasi olib bergandik. U bir yilda oʻzini tikladi. Shu bois unga 33 million soʻm imtiyozli kredit olish uchun tavsiya berdik. Ayni paytda besh kishini ish bilan taʼminlab, ayol va erkaklar kiyimlarini tikishmoqda. G. Rustamova esa koʻrpa va koʻrpacha tikishni yoʻlga qoʻyib, imtiyozli kredit oldi, 3 nafar xotin-qizni ish bilan band qildi.
Hududda videokuzatuv kameralari oʻrnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bugungacha uylarning 80 foiz yoʻlaklari va mahalla kirish-chiqish joylarida videokuzatuv moslamalari oʻrnatildi.
Bir soʻz bilan aytganda, mayorlar Madiyor Hakimov va Suhrob Ergashov el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik koʻrsatib xizmat qilmoqda. Ularning xizmatidan aholi minnatdor boʻlib kelyapti.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati
