Toshkent shahar IIBB Ishchi guruhi tomonidan hududlardagi vaziyatni oʻrganish ishlari davom etmoqda
2025-08-04 12:05:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi manzili Shayxontoxur, Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlari boʻldi.
Ishchi guruh tomonidan poytaxt hududida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab boʻlayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bevosita hududlarga chiqqan holda oʻrganib borilmoqda.
Hokimiyat, mutasaddi idora va tashkilotlar hamda Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar IIBB sohaviy xizmatlari boshliqlari, tuman hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa idoralar, shuningdek, mahalla yettiligi ishtirokda tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilab olinmoqda.
Oʻrganish jarayonida Shayxontohur tumanining Oʻqchi, Taxtapul, Yunusobod tumanining Buyuk Turon hamda Mirzo Ulugʻbek tumanining Shahrisabz va Beshkapa mahallalarining besh yil davomida “Qizil” toifadan chiqmasdan qolish sabablari tahlil qilinib, joriy yilning 9 oyida ushbu mahallalarni “Qizil” toifadan chiqarish boʻyicha manzilli “yoʻl xarita”lari tuzildi. Har bir mutasaddiga tegishli topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi. Oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan masʼullarga qatʼiy choralar koʻrilishi haqida ishchi guruh rahbari tomonidan ogohlantirildi.
Bu kabi oʻrganishlar poytaxtimizning barcha tumanlarida davom etmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati




