Mustaqillik tengdoshlari. Muvaffaqiyat siri
2025-08-02 23:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati IIB JTSB Kinologiya boʻlimi inspektori, safdor Eldor Gʻaniyev “Rita” laqabli xizmat iti bilan giyohvandlik oʻsimliklarini yetishtirish bilan bogʻliq jinoiy holatni fosh etdi.
Guliston shahrida oʻtkazilgan profilaktik tadbir vaqtida “Sayqal” mahallasidagi xonadonlar-dan birida, hovlida parvarishlangan gullar avvaliga koʻpchilikning eʼtiborini tortmadi. Tadbirda qatnashayotgan “Rita” esa oʻzini noxush tuta boshladi. Eldor xizmat iti yordamida izlanish oʻtkazdi. Natijada gullar orasida 11 tup kannabis-marixuana oʻsimligi yashirin tarzda yetishtirilayotgani aniqlandi.
Safdor Eldor Gʻaniyev — istiqlol tengdoshi. U 1991-yili Sardoba tumanida tugʻilgan. Maktabni tugatib, Toshkent moliya kasb-hunar kollejida tahsil olgan. 2016-yildan beri ichki ishlar organlari tizimida. Kinologlik kasbini oʻrganishida katta serjantlar — Bahrom Ergashev va Alisher Omonov unga ustozlik qildi. Xizmat jarayonida yosh xodim tushundiki, kinologlik oddiy kasb emas. Jinoyat sodir boʻlganidan qancha koʻp muddat oʻtsa, fosh etish imkoni shuncha kamayadi. Shuningdek, atrof-muhit, shamol, yomgʻir, qor kabi omillar salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, it ham tirik jon, ular ham mehrga tashna. Har birining oʻziga xos xarakteri bor. Kinolog itni oʻrgatayotganida mana shu omillarni eʼtiborga olsagina, natijaga erishishi mumkin.
Safdor Eldor Gʻaniyevning muvaffaqiyatlari siri aynan mana shu jihatlarni eʼtiborga olganiga borib taqaladi.
Tajribali kinologga uchta zotdor it biriktirilgan. Har birining oʻziga xos vazifasi bor: “Rita” giyohvandlik moddalarini topishga, “Agat” portlovchi jismlarni fosh etishga, “Dik” jinoyatchining izidan tushishga oʻrgatilgan.
Berilgan vazifaga qarab ulardan biri bilan belgilangan manzilga boradi.
Eldor Gʻaniyev oʻz ustida ishlashdan toʻxta maydigan xodimlardan. U hozir IIV Akademiyasining sirtqi boʻlimi ikkinchi kurs talabasi. Shu bilan birga, baxtli oila sohibi. Turmush oʻrtogʻi bilan 3 nafar farzandni voyaga yetkazmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
