Jizzax viloyatining qizil toifadagi mahallalarida kriminogen vaziyatni oʻnglash borasidagi ishlar oʻrganildi
2025-08-01 18:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov Jizzax viloyatining qizil toifadagi mahallalarida kriminogen vaziyatni yaxshilash va jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlar bilan tanishmoqda. Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi “Toqchilik” mahallasida boʻlib, mahalla yettiligining hamkorlikda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlari oʻrganildi. Muloqotda mahallada xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Vazir oʻrinbosari Jizzax shahrining “Madaniyat“ va “Ulugʻbek“ mahallalarida osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasidagi ishlarni ham koʻzdan kechirdi. Mazkur jarayonda sodir etilgan jinoyatlar, ularning sabablari yettilik va masʼullar ishtirokida muhokama qilindi.
Bundan tashqari hududda huquqbuzarlik va jinoyatning oldini olish yuzasidan koʻrilgan xavfsizlik chora-tadbirlari, amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, mahallalarda davlat xizmatchilari uchun yaratilgan sharoitlar, profilaktika inspektorlari yurituvidagi ish hujjatlari va maxsus vositalar bilan taʼminlanganligi oʻrganilib, zarur koʻrsatmalar berildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi






