IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati tomonidan Xorazm viloyatida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2025-08-01 17:10:00 / Yangiliklar

Hududlarda harakat xavfsizligini taʼminlash, transport oqimini samarali tashkil qilish, eng asosiysi esa — fuqarolar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan: viloyatning Qoʻshkoʻpir tumanida avtomobillar oqimini nazorat qilish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida aylanma harakat tashkil etilmoqda. Bu esa haydovchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, yoʻl-transport hodisalari xavfini kamaytiradi.
Shovot tumanidan oʻtuvchi, qoʻshni Turkmaniston Respublikasi bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻlida kengaytirish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu yoʻl xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, uning zamonaviy holatga keltirilishi yuk tashish va yoʻlovchi qatnovi sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Gurlan tumanida esa eskirgan va foydalanishga yaroqsiz holga kelgan koʻprik toʻliq qayta qurilmoqda. Bu nafaqat transport harakatining uzluksizligini taʼminlaydi, balki mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yangibozor tumanida piyodalar harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumandagi aholi gavjum joylarda piyodalar yoʻlaklari barpo etilib, zamonaviy svetoforlar oʻrnatilmoqda. Bu esa maktab oʻquvchilari, yoshi katta fuqarolar va boshqa harakat ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
YHXX rahbariyatining joylarga chiqqan holda muammolarni oʻrganishi va mavjud kamchiliklarni joyida bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlari – fuqarolarga xizmat qilish, ularning hayotini xavfsizroq qilish yoʻlida qoʻyilgan muhim qadamlardir.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati









