Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistrlari Turkiya milliy politsiya akademiyasida malaka oshirdi
2024-03-16 08:30:00 / Yangiliklar

Ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganishga qaratilgan malaka oshirish kursi davomida interfaol mashgʻulotlar tashkil etilib, politsiya tuzilmalari faoliyati bilan tanishildi.
Jumladan, turkiyalik malakali professor-oʻqituvchilar tomonidan “Inson resurslarini boshqarish”, “Politsiya faoliyatini boshqarishda rahbarlik koʻnikmalarining oʻrni”, “Liderlikda muloqot qobiliyati”, “Jamoa psixologiyasi”, “Boshqaruvning zamonaviy shakllari” kabi mavzularda oʻtkazilgan treninglar oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor yondashuvlarni oʻzlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bundan tashqari, tinglovchilar politsiya tizimidagi sohaviy xizmatlar, kadrlarni tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashgan oʻquv markazlari faoliyatini oʻrganib, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha malaka oshirdilar.
Ikki haftalik kurslar boʻyicha tinglovchilar sertifikatga ega boʻlishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





