Ayol va jamiyat. Kasbga sadoqat mehnatsevarlikdan boshlanadi
2025-08-01 14:05:00 / Yangiliklar

- Otam, isteʼfodagi podpolkovnik Rustam Saparov uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan, — deydi mayor Elmira Saparova. — U xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish barobarida, oilasi, biz farzandlari taʼlim-tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratardi. Otam bilan faxrlanardik, unga havas qilardik. Ana shu havas ortidan men, singlim va ukam ota kasbini davom ettirishdek orzu bilan ulgʻaydik. Hozir men Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi Yuridik taʼminlash va murojaatlar bilan ishlash boʻlinmasi boshligʻi lavozimida xizmat qilaman. Singlim kapitan Eleonora Saparova Yunusobod tumani IIOFMB 5-sonli IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori sifatida faoliyat yuritadi. Ukam Islombek isteʼfodagi mayor, u IIV Qorovul qoʻshinlarida xizmat qilgan.
Ha, inson kamolotida u tugʻilib oʻsgan, tarbiya topgan oila, ayniqsa, bu qoʻrgʻonning asosiy suyanchlari, yaʼni ota-onaning alohida oʻrni boʻladi. Buni mayor Elmira Saparovaning soʻzlaridan ham anglab olish qiyin emas.
- Biror kasbga qiziqish bilan shu sohaning odamiga aylanish oʻrtasida katta farq bor ekan, — deya soʻzida davom etadi u. — Bevosita shu sohaning ichiga kirib, unda faoliyat olib borish jarayonida kasbiy malaka shakllanarkan. Xizmat boshlaganimda tizimning oʻziga xos jihatlarini uyda otamdan, ishda ustozim, isteʼfodagi podpolkovnik Bahodir Isayevdan oʻrgandim. Lavhamiz qahramoni bugun ustoz maqomida. U talabchan ustoz sifatida shogirdlari katta leytenant Mirzohid Hakimjonov, leytenant Sardor Giyasovga huquqiy bilimlarini doim oshirib borish kerakligini taʼkidlaydi.
- Xizmat boshlagan ilk kezlarim ustozim, mayor Elmira Saparova egallagan bilimlarimni bevosita xizmat jarayonida qanday qoʻllashim kerakligi haqida doim maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turdi. Ulardan qatʼiy intizom yuklatilgan vazifalarni toʻliq va sifatli bajarishning muhim omili ekanligini oʻrgandim, — deydi katta leytenant Mirzohid Hakimjonov.
Mayor Elmira Saparova ingliz, qozoq, turkman, qoraqalpoq hamda rus tillarini yaxshi oʻzlashtirgan. Oilasida farzandlari Ixlosjon va Bexruzjonga ham «Til bilgan el biladi» maqolini doim eslatib, xorijiy tillarni oʻrganish, sport bilan muntazam shugʻullanishga undaydi. Aytgancha, Ixlosjon kelajakda onasining kasbini davom ettirish niyatida.
Ibrat. Shu birgina soʻz zamirida orzu-istaklar boʻy koʻrsatib, maqsadlar kurtak ochadi, qanchadan-qancha insonlarning goʻzal taqdiri yaraladi. Elmira Saparovaning bir paytlar otasi Rustam Saparovdan olgan ibrati uning oʻgʻliga koʻchayotgan boʻlsa, ne ajab. Axir, bagʻrikeng otalar, mehridaryo onalar, albatta, kelajakka munosib voris tarbiyalaydi.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Toshkent shahri
