Namangan viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi oʻrganish ishlari Chust tumanida davom etdi
2025-07-31 09:40:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda aholi muammolarini joyida hal etish maqsadida Ichki ishlar organlari tomonidan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan har bir tumandagi mavjud vaziyat oʻrganilib, ichki ishlar organlari faoliyatiga amaliy yordam koʻrsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda navbatdagi oʻrganish ishlari Chust tumanida oʻtkazilib, unda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalardagi jinoyatchilik holati, profilaktika va targʻibot ishlari, shuningdek, ichki ishlar boʻlimi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Jumladan, ishchi guruh tomonidan “Chust gulzori” va “Kamarsada” mahallalarida oʻrganish ishlari olib borildi hamda joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijalari koʻrib chiqildi. Ayniqsa, “qizil” toifadagi “Kamarsada” mahallasida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Chust shahridagi tibbiyot birlashmasi oldida joylashgan chorrahada transport oqimini tartibga solishga qaratilgan loyiha taklifi muhokama qilindi va bu borada masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlash joizki, viloyatning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan bunday oʻrganish ishlari va amaliy yordam koʻrsatish jarayonlari bosqichma-bosqich va izchil ravishda davom ettiriladi. Bu esa jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









