Namangan viloyati IIB ishchi guruhining navbatdagi oʻrganishlari Uychi tumanida boʻlib oʻtdi
2025-07-29 12:10:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan hududlarda jinoyatchilikni oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl harakati infratuzilmasini yaxshilash va ichki ishlar organlari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish boʻyicha olib borilayotgan tizimli oʻrganishlar davom etmoqda.
Bugun navbatdagi oʻrganish ishlari Uychi tumanida oʻtkazilib, Boshqarma rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh tumandagi ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, tuman hokimi ishtirokida “qizil” toifadagi “Bogʻ” va “Beruniy” mahallalarida jinoyatchilikni oldini olish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar oʻrganilib, mahalla yettiligi tomonidan olib borilgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
Oʻrganishlar davomida mazkur mahallalarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yetarli darajadagi tizimli ishlar olib borilmaganligi natijasida ushbu hududlar uzoq vaqt davomida “qizil” toifada boʻlib kelayotganligi keskin tanqid qilindi. Mahalladagi profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilikka olib keluvchi omillarni erta aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, ichki ishlar boʻlimining maʼmuriy binosi holati, shart-sharoitlari, xodimlar faoliyati va oʻtgan davrdagi xizmat natijalari ham tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Xizmat intizomi va jinoyatlarning barvaqt oldini olishdagi faoliyat samaradorligi masalalariga alohida toʻxtalib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul rahbar va xodimlar qatʼiy ogohlantirildi.
Ishchi guruh tomonidan Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi masʼullari bilan birgalikda “Oqtosh” mahallasidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlida mavjud yoʻl infratuzilmasi holatini ham oʻrganildi. Ushbu hududda transport harakati zichligi, tirbandliklar, piyodalar xavfsizligi masalalari atroflicha koʻrib chiqilib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha taqdim etilgan loyiha taklifi koʻrib chiqildi. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, tirbandliklarni oldini olish, transport oqimini samarali tashkil etish yuzasidan masʼul rahbarlarga zarur koʻrsatmalar berildi.
Ushbu oʻrganish natijalari asosida tegishli xizmat rahbarlari va hududiy boʻlimlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aholi bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab olish boʻyicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati








