Xizmatlarda. Yoʻl ishtirokchisi, hushyor boʻling!
2025-07-29 01:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati hududida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida viloyat IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor profilaktik-targʻibot tadbirlariga qaratilib, mahallalarda, korxona va tashkilotlarda, bolalar oromgohlarida turli uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Shuningdek ashaddiy qoidabuzar haydovchilarni aniqlash, ularning roʻyxatini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Yoʻl infratuzilmasini yaxshilash avtohalokatlarning oldini olishda muhim sanaladi. Shu bois viloyat hududidagi avtomobil yoʻllarini koʻrikdan oʻtkazish, eskirgan yoʻl belgilarini yangisiga almashtirish, yoʻl yotiq chiziqlarini chizish, zamonaviy svetoforlarni oʻrnatish, qabariq piyodalar oʻtish joylarini tashkil etish va yoʻl qoplamalaridagi nosozliklarni bartaraf etish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
- Joriy yilning oʻtgan davrida sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar davomida 160 583 ta qoidabuzarlik aniqlandi, — deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta mutaxassisi, kapitan Shavkat Bobojonov. — Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha YPX inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 40557 ta transport vositasi belgilangan tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ayni kunlarda mahallalarda, korxona va tashkilotlarda, muassasalarda profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, targʻibot materiallari tarqatilmoqda. Qolaversa, yoʻl-transport hodisalari mahallaning oʻzida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinib, hodisa sabablari, unga imkon bergan omillar atroflicha tahlil etilyapti. Shuningdek, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan «Targʻibot avtokarvoni» shahar va tumanlarning aholi gavjum hududlari boʻylab harakatlanib, koʻrgazmali materiallar, avtohalokatga uchragan mashinalar namoyishi orqali targʻibot ishlari davom ettirilmoqda.
Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
