Ichki ishlar vazirligi Oʻquv-dala markazida Malaka oshirish institutida boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv kurslarida tahsil olgan 350 nafarga yaqin tinglovchilarning tantanali bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi
2025-07-28 12:50:00 / Yangiliklar

Unda vazirlik va institut rahbariyati, kafedra, sikl, boʻlim boshliqlari, professor-oʻqituvchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqan Institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Axmedov, Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini koʻz qorachigʻidek asrash, professional va xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini shakllantirish, xizmat nufuzini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidladilar.
Mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimini yaratilganligi, ichki ishlar organlarini el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom maʼnoda xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligini taʼkidlab oʻtdilar va bitiruvchilarga kelgusi sharafli xizmat faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ichki ishlar organlari salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga Oʻquv-dala markazidagi oʻquv jarayonlarida alohida eʼtibor qaratilganligini eʼtirof etdilar.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida bizga yuridik, kasbiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarliklarga ega boʻldik, dedi tinglovchi safdor Xusanjon Maniyazov.
Fuqarolarga qonun doirasida xizmat koʻrsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruhiy barqaror boʻlish, tezkor va toʻgʻri qaror qabul qilish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qoʻllash, oʻq otar qurollardan mohirona foydalanish boʻyicha koʻnikmalarimiz shakllandi.
Institutda olgan bilim va koʻnikmalarimizni kelgusida ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning tinchligi, fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishga safarbar etamiz.
Tantanali tadbirda oʻquv dasturlar talablarini toʻliq oʻzlashtirilgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, oʻquv kursi davomida oʻzining kasbiy, bilimlarini oshirish, amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori koʻrsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
IIV Malaka oshirish instituti








