Hafta qahramoni. Yoshlik qanotida masʼuliyat sari
2025-07-27 23:30:00 / Yangiliklar

Katta leytenant Nodirbek Hayitov 2021-yilda IIV Akademiyasini tamomlab, faoliyatini Samarqand shahar IIO FMB 6-sonli Ichki ishlar boʻlimi Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida boshlagan. Xizmat faoliyati davomida ustozlar va hamkasblar yordamida tajriba toʻplab, kasbiy mahoratini oshirishga harakat qilgan.
Nodirbek Hayitov yaqinda Samarqand viloyati Nurobod tumani IIB 2-sonli Ichki ishlar boʻlinmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Otasi Qodir akaning, onasi Sadoqat opaning “Oʻgʻlim, kasbingni sev, qasamyodingga sodiq boʻl”, — degan oʻgitlariga hamisha amal qilib kelyapti. Bugun uning mehnati, kasbiga sadoqati oʻz mevasini berdi.
Uning uchun xizmat — sharaf, rahbarlik — masʼuliyat demakdir. “Har bir fuqaro xotirjam yashashi. tinch uxlashi uchun biz kunu tun bedor boʻlishga tayyor turishimiz kerak”, — deydi Nodirbek. Qalbi gʻayrat-shijoatga toʻla, koʻzlari yonib turadigan, qadamidan oʻt chaqnaydigan, yurt xizmatiga kamarbasta boʻlishga shay Nodirbek Hayitov singari yosh rahbarlar ichki ishlar organlari sohasining kelajagini belgilaydigan yurt farzandlaridir.
Undan jamoaning, qolaversa, nurobodliklarning umidi katta. Chunki Nodirbekda tashkilotchilik, halollik, fidoyilik xislatlari mujassam. Uning qalbida Vatanga muhabbat joʻsh urib turibdi, — deydi viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, MMI va KBTX boshligʻi, podpolkovnik Umid Oʻtayev.
Yosh rahbarning unga ishonib topshirilgan jamoa bilan birgalikda, aholi osoyishtaligini taʼminlashdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtirib, bu umidlarni oqlashiga ishonamiz. Oʻylaymizki, nurobodliklar undan mamnun boʻlishadi.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
