Fargʻona viloyati IIB rahbariyati Beshariq tumanida tungi yoʻriqnoma oʻtkazdi
2025-07-27 09:00:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyatida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, Beshariq tumanida Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov ishtirokida tungi yoʻriqnoma tashkil etildi.
Yoʻriqnoma doirasida jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori boʻlgan hududlar, odamlar koʻp toʻplanadigan joylar, ogʻir mahallalar va ish faoliyatini tungi vaqtda amalga oshadigan obyektlarni koʻzdan kechirish, xizmatni samarali tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xodimlar xizmat intizomiga qatʼiy amal qilgan holda huquqbuzarlik va jinoyatlarga murosasiz munosabatda boʻlishga chorlandi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati


