Surxondaryo viloyati IIB xodimalari oʻrtasida “Toʻmaris izdoshlari” musobaqasi oʻtkazildi
2025-07-27 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamoalarda ularning oʻrni va rolini oshirish, isteʼdodlarini namoyon qilishlariga imkoniyat yaratish, kelgusida xodimalarning maʼnaviy va intellektual saviyasini yanada yuksaltirish, kasbiy va jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha bir qator manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2025-yil 7-iyul kunidagi tegishli buyrugʻiga asosan, joriy yilning 26-iyul kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimalar oʻrtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “Toʻmaris izdoshlari” respublika musobaqasining birinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.
Ushbu musobaqada ishtirokchilar dastlab, quroldan amaliy oʻq otish, harbiy tayyorgarlik, jismoniy tayyorgarlik, eruditsiya yoki bilimdonlik va epchil va orasta beka shartlari asosida oʻzaro bellashishdi.
Musobaqaning viloyat bosqichi yakunida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar, respublika bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Bu kabi musobaqalarni muntazam ravishda tashkillashtirib borish, tizimda xizmat olib borayotgan xodimalar ongida tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf odatlarimizga boʻlgan chuqur hurmat va ehtiromni yuksaltirish, doimo gʻalabaga boʻlgan intilishi va ishonchini, yuqori jismoniy, jangovar-axloqiy ruhiyatini va yuksak vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









