Fuqarolarning murojaati IIV rahbariyati tomonidan nazoratga olindi
2025-07-27 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri “Beshyogʻoch” koʻchasidagi “Boʻrijar” kanaliga choʻmilish uchun kelayotgan fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan turli xil tartibsizliklarga qarshi chora koʻrilishi yuzasidan hudud aholisining murojaati ijtimoiy tarmoqda yoritilib, turli muhokamalarga sabab boʻlgan.
Mazkur murojaat IIV Jamoat xavfsizligi departamenti nazoratiga olinib, muammoni oʻz oʻrnida oʻrganish va bartaraf etish choralari koʻrildi.
Xususan, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general mayor Bekmurod Abdullayev Chilonzor tumani “Beshyogʻoch” mahallasida boʻlib, “Boʻrijar” kanali atrofini koʻzdan kechirdi hamda hudud aholisi bilan yaqindan suhbatlashdi.
Jarayonda vazir oʻrinbosari fuqarolar tomonidan taʼkidlangan yechim talab masalalarni ijobiy hal etish boʻyicha “Mahalla yettiligi” vakillari hamda tegishli mutasaddi idora masʼullarga koʻrsatma va tavsiyalar berdi.
Chilonzor tumani IIB JXX Patrul-post xizmati, Yoʻl-patrul xizmati xodimlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida “Boʻrijar” kanali atrofida reyd tadbiri oʻtkazilib, ushbu hududda olib borilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotganligi aniqlandi.
“Choʻmilish taqiqlanadi” belgilari oʻrnatilganligiga qaramasdan, choʻmilish uchun kelgan hamda atrofga har xil chiqindilar qoldirib ketayotgan fuqarolar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, 25 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, toʻxtash qoidalarini buzib, belgilanmagan joylarda transport vositalarini qoldirib ketayotgan haydovchilar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Kanal atrofi Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan chiqindilardan tozalanib, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati



