«Xavfsiz va sogʻlom yurt». «Guliston»ga osoyishtalik yarashadi
2025-07-26 23:00:00 / Yangiliklar

Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2021-yilda Bagʻdod tumanining dasht hududlarida 66 ta koʻp qavatli uydan iborat kichik shaharcha qad rostlagan edi. Ushbu shaharchada «Guliston» mahalla fuqarolari yigʻini tashkil etilib, aholining baxtli va farovon hayot kechirishi uchun zarur boʻlgan barcha infratuzilmalar barpo qilindi.
Jumladan, maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, oilaviy poliklinika, kutubxona, madaniyat saroyi va 10 dan ziyod savdo doʻkonlari ishga tushirildi. Aholini ish bilan taʼminlash maqsadida issiqxonalar uchun yer ajratilib, «Muruvvat» sanoat zonasi tashkil etildi. Qisqa fursatdayoq bir qator oilaviy korxonalar faoliyat boshladi. Natijada bu yerdagi shart-sharoitlarga havas qilib, mahallaga 1468 ta oila koʻchib keldi. Hozirda shaharchadagi 1682 ta xonadonda 3310 nafardan ziyod fuqaro istiqomat qilmoqda.
Hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining tinch va farovon hayotini taʼminlash maqsadida oʻsha yiliyoq zamonaviy huquq-tartibot maskani tashkil qilingan edi. Mahallaga kirib keladigan 5 ta asosiy koʻcha va eng gavjum joylarga 62 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilib, ulardan 25 tasi inspektorning xizmat xonasiga integratsiya qilindi.
Profilaktika inspektori «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahalladagi yettilik aʼzolari bilan hamkorlikda tizimli ishlarni yoʻlga qoʻygani tufayli oʻtgan 4 yilda mahalla har tomonlama osoyishta va xavfsiz hududga aylandi. Natijada «Guliston» mahallasi huquq-tartibot maskani 2024-yilda IIV tomonidan shu yoʻnalishda oʻtkazilgan respublika tanlovida faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, profilaktika inspektori xizmat avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Oʻtgan bir hafta davomida ishchi guruhlar tomonidan probatsiya nazoratidagi va alohida toifadagi shaxslar ishtirokida yakka tartibda suhbatlar va sayyor sudlar tashkil qilindi. Aholini ish bilan taʼminlash maqsadida mehnat yarmarkasi oʻtkazildi.
Mahallaning ekologik holatini yaxshilash maqsadida hududda keng koʻlamli obodonlashtirish va tozalov ishlari yoʻlga qoʻyildi. Yigʻilib qolgan chiqindilar maxsus avtomashinalarda olib ketildi.
Ishchi guruh aʼzolari va mahalla faollari bilan birga uyma-uy yurib, oilalardagi muammolarni manzilli ravishda oʻrganishdi. Fuqarolar bilan suhbatlarda oilaviy qadriyatlarni asrash, oila-turmush doirasidagi nizolarning oldini olish, ahillik va totuvlikni mustahkamlash borasida maslahatlar berildi. Hozirda keng qamrovli profilaktik tadbirlar uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
