Termizda ommaviy sayyor qabul: fuqarolar murojaatlari hal etildi, marhum xodimlar xotirasi yodga olindi
2025-07-26 16:25:00 / Yangiliklar

2025-yil 26-iyul kuni Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati hamda Surxondaryo viloyati IIB tomonidan ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi. Qabulda jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etib, ichki ishlar sohasiga oid turli masalalar — tergov-surishtiruv, ishga qabul, yoʻl harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, moddiy yordam va boshqa muammolar yuzasidan murojaatlarini bildirishdi.
Qabul davomida kelib tushgan murojaatlarning bir qismi joyida ijobiy hal etildi, ayrimlariga huquqiy tushuntirishlar berildi, qolgan murojaatlar esa qoʻshimcha oʻrganishni talab qilgani sababli masʼul rahbarlarga topshiriqlar berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Shu kuni xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan serjantlar Namozov Bahriddin va Lukov Lochinbeklarning oilalari holidan xabar olinib, ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha tegishli choralar belgilandi. Marhum xodimlarning jasorati va fidokorligi ehtirom bilan yodga olindi.
Ushbu tadbir aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning dard-tashvishlarini tinglash hamda amalda hal qilishga qaratildi.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati









