Inspektor-psixologlar bilan davra suhbati oʻtkazildi
2025-07-26 12:05:00 / Yangiliklar

2025-yil 25-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati IIV Akademiyasida joriy yilning 7-25-iyul kunlari 2-oʻquv yigʻiniga jalb etilgan jami 581 nafar voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha (katta) inspektor-psixologlari bilan davra suhbati oʻtkazildi.
1-oʻquv yigʻini joriy yilning 9-28-iyun kunlari, IIV Malaka oshirish instituti bazasida oʻtkazilib, unda 584 nafar voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha (katta) inspektor-psixologlari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida, inspektor-psixologlar tomonidan taʼlim-tarbiya sohasiga oid muammolar va ularning yechimlari, voyaga yetmaganlar bilan ishlashni takomillashtirish bilan bogʻliq taklif va tavsiyalar muhokama etildi.
Mazkur oʻquv yigʻinlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-martdagi PQ–110-son qarori “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Oʻquv yigʻinlarida, IIV Akademiyasi va Malaka oshirish instituti professor-pedagoglari tomonidan “Yuridik psixologiya” va “Kasbiy psixologiya” modullari boʻyicha nazariy hamda IIV HPX, Tibbiyot boshqarmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Tashxis markazi masʼullari tomonidan “Kasbiy tayyorgarlik, “Fuqarolar bilan muloqot” moduli va “Oila-mahalla-maktab” tamoyili asosida manzilli ishlash metodikasi” boʻyicha amaliy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Inspektor-psixologlar olgan bilimlarini yakuniy baholash va sertifikatlar topshirish jarayoni 4-modul oxirida amalga oshirilib, mazkur modul boʻyicha oʻquv yigʻini joriy yilning 18-24 avgust kunlari joylardagi universitet va institutlar bazasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirda, IIV Akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Tashxis markazi pedagog-psixologlari bilan hamkorlikda modullar boʻyicha oʻtilgan mavzular asosida inspektor-psixologlar uchun uslubiy qoʻllanmalar tayyorlanmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati




