Jazoni ijro etish muassasalarida maʼrifat va intellektual muhitni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi
2025-07-26 11:55:00 / Yangiliklar

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti oʻrtasida axborot-maʼnaviy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida memorandum imzolandi.
Ushbu memorandum doirasida Milliy kutubxona tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga kitoblar, gazeta-jurnallar va boshqa axborot-resurslarini muntazam yetkazib berish belgilandi. Bu tashabbus uzoq yillar mobaynida davom ettirilishi taʼkidlandi. Shu bilan birga, muassasalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, yangi rejalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Zakovat Arena”da “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti hamda Jazoni ijro etish departamenti oʻrtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu memorandum doirasida tomonlar intellektual oʻyinlar orqali jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar va departament xodimlari oʻrtasida bilimga chanqoqlikni oshirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish maqsadida qator tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Kelgusida jazoni ijro etish muassasalarida “Zakovat” va boshqa intellektual oʻyinlarni tashkil etish rejalashtirilgan. “Zakovat” klubi mazkur ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani uchun Jazoni ijro etish departamentiga minnatdorlik izhor etdi.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati



